Sizga ozor bergim keladi...
Suyagayman suymaganlarim, Kuzga bahor bergim keladi. Elga sochgum mehrimni, faqat, Sizga ozor bergim keladi.
Yovlarimning menday do’sti yo’q, Yaqinlarning kami-ko’sti yo’q, Men bir telba, bitta esi yo’q, Sizga ozor bergim keladi.
Daraxt bilan tillashgim kelar, Gullar bilan dillashgim kelar, Yuraklarga bo’ylashgim kelar, Sizga ozor bergim keladi.
Tig’ – menday tig’, dor-chi – dor emas, Jon zahm yetgan joyga dorimas, Qaytay, sevgim el qatorimas, Sizga ozor bergim keladi.
Goh Zulayho, goh Laylo bo’lib, Goh xazin «oh», vovaylo bo’lib, Holingizga achinib-kulib, Sizga ozor bergim keladi.
Pinhon araz, yarashlar uchun, G’amgin rashku talashlar uchun, Ul beozor qarashlar uchun, Sizga ozor bergim keladi.
Dildan sirlar sitilib ketsa, Ko’zlar bilan manzilga yetsa… Nima qilay rohat baxsh etsa... Sizga ozor bergim keladi.
|
Категория: Mening olamim she'rlari | Добавил: Jalolbek (17.09.2008)
|
Просмотров: 2113
| Рейтинг: 5.0
|