Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim o'pmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib ko'ksudan,
Kim qalbida qonlar to'kmagan? Seni yaxshi bilaman, go'zal
Petrarkani o'qiganim bor,
Buyuk Rimning Samfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.
Bilamanki, Tasso bechora
Rohat ko'rmay o'tgan bir umr.
Ey,makkora qiz, Leonora,
Nomi qora bilan yozilgur!..
Balki, guldan yaralgan pari,
Tosh ko'ngilli Biatrichi -
'Gadosan!' deb qochmasa nari
Dante baxtli bo'lardi pichi?!
Balki Hamlet oydin tunlarda
Ofeliyani erkalatardi,
Balki uzun sochini silab
Azongacha ertak aytardi.
Agar xiyonatni bilmasa,
Ezmasa fojia yuragin!
Yo'q,yo'q,shoir! Gar shunday bo'lsa
Shekspirning yo'qdi keragi!
Dezdemona, gunohsiz dilbar,
Jigar qonlaringni ichgan kim?
Bilaman - Otello, bilaman...
Otello haqlimi?.. Shoir jim!..
Jim!.. Ufqdan botar quyoshni
Shart kesilgan boshga o'xshatdim.
Parcha-parcha kuygan shafaqlar
Tirqiragan qonni eslatdi!
Qanday qo'rqinch! Qanday qabohat!
Mumkin emas hech qiynalmasdan!
Aqlidan ozganmi muhabbat?
Mumkin emas,qarshi turmasdan!
Mumkin emas, ey oily janob,
Necha yurakni aylab xarob,
Shohona toj kiygan muhabbat,
Mumkin emas! Qanday qabohat,
Ki, odamning o'zinginamas,
Hissini ham xarob qilsa davr!
Qiynalaman!.. Yuragimda havr -
Bu qarshilik! Yon! Gina emas.
Bu qarshilik! Ko'ring tarixni -
Parvonadek qanoti kuygan.
Bu qarshilik! Ko'ring tarixni -
Umr tepasida musht tuygan...
Qiynalaman vijdon bilan man -
Mumkin emas qarshi turmasdan
O'z zimmamga katta ish oldim;
Ehtimolki,tamom qilmasdan -
Umrim tugar.Ammo bo'lmaydi
(Ko'nglim o'rniga hech tushmaydi!)
Senga qarshi bosh ko'tarmasdan,
Asrlarni yig'latgan sevgi!