Yigitlar maktubin bitganda qondan, Kelinlar firoqdan chekkanda yohu, Uning ham panohi qaytmadi jangdan, O'n to'qqiz yoshida beva qoldi u. Sevgidan yetimu umrdan yarim, Qurigan ko'ksida yolg'iz belanchak. Abadiy firoqni,hayhot,do'stlarim, Abadiy visol deb bildi kelinchak. Qaqragan lablarda olovli nafas Kechalar kechmishin ayladi ko'mir . Parishon sochlari yor ko'ksi emas, Muzdayin bolishda qoldi bir umr. Yillar ham o'tdilar,hamon u yolg'iz, Mung'ayib termular botguvchi kunga. Ey nomard tabiat,bormi senda his, Qaytadan baht bersang bo'lmasmi unga?! Nahot ishq qismati buncha berahm, Bunchalar buyuksan vafo shevasi Sengadir hurmatim,senga sharafim, Qahramon jangchining sodiq bevasi. Sizchi ey, sadoqat satridan nolib, Nadomat komida qolganlar, ayting, O'zini ming bitta bozordan olib, Ming bitta bozorga solganlar, ayting. Shu cho'lpon ko'zlarning buyuk hurmati, Shu aqiq lablarning rost so'zi deya , So'ylang-chi, vafoning nadir qimmati, Siz ham kutganmisiz biror soniya?! Ba'zida tirnoqlar bezagi uchun, Sahardan shgomgacha qilursiz toqat Biroq yoringizni kutgali nechun Topilmas tirnoqcha sabru qanoat. Nazokat paytimas,yaqinroq keling Buyuk zot qoshida aylangiz salom Shu sodiq bevaga sajdalar qiling Shu sodiq bevaga aylang ehtirom Hatto zeb-ziynatni yulqib ziyoda Haykal ham qo'yingiz bamisli hayol Shundaylar bo'lmasa agar dunyoda Bu qadar muhtaram bo'lmasdi ayol.
|