Bog'larda tarovat yo'q, sеn bo'lmasang yonimda, Tog'larda salobat yo'q, sеn bo'lmasang yonimda, Olamda nafosat yo'q, sеn bo'lmasang yonimda, Ko'nglimda halovat yo'q, sеn bo'lmasang yonimda. Jonimda itoat yo'q, sеn bo'lmasang yonimda. Qaysi kuni, ey dilbar, qayda mеnga so'z bеrding, Aqlimni olib qanday, ko'nglimga qachon kirding? Sеn lafzi karomatmi yo subhi sabo erding? Kеl, o'zni namoyon qil, pinhona mеni ko'rding, Bir lahza qanoat yo'q, sеn bo'lmasang yonimda. Kunduz kuni oftobim ko'nglimga qadam qo'ymas, Tunda to'lin oyimni abr otli sitam qo'ymas. Gohi ezilib yomg'ir egnimni shinam qo'ymas, Erkin nafas olmoqqa yo'llarda alam qo'ymas, O'yimda halovat yo'q,sen bo'lmasang yonimda. Yo'lda adashib yurgan bola kabidir holim, Majnun dilidan chiqqan nola kabidir holim, Arqonga madad bo'lmas tola kabidir holim, Ohu ko'zida bitgan bola kabidir holim, Umidi saodat yo'q,sen bo'lmasang yonimda. Tunni uladim tongga vaslingga to'yarman deb, G'am lashkarini sabrim tig'i-la so'yarman deb, So'ng qatli g'amim qonin ko'z yoshla yuvarman deb, G'urbatdagi boshimni tizzangga qo'yarman deb, Umrimda farog'at yo'q,sen bo'lmasang yonimda. Balki toparman yozda,ehtimol qish topmasam, Ko'nglim o'rniga tushmas erta yo kech topmasam. Ostin-ustin qilurman dunyoni hech topmasam, Qalamim qilich bo'lar agar qilich topmasam, Umrimda davomat yo'q,sen bo'lmasang yonimda. O'lkamga bahor yanglig' uyg'onish olib kelgan, Hikmat to'la daryoday hayratga solib kеlgan, Iqbol yo'li ko'p og'ir, mayliga, tolib kеlgan, Ma'ruf kabi to'ylarga nog'ora chalib kеlgan, Shе'rimda harorat yo'q, sen bo'lmasang yonimda.
|