Qo’ygin, meni yetaklama samoga, Ko’ngillarni sehrlagan navoga, Ertaklarni jo aylagan saboga, Mehring bilan boqib qo’ysang, kifoya. Osmondagi oyni tutma qo’limga, Yulduzlardan marjon taqma bo’ynimga, Mayli, gul ham qadab qo’yma ko’ksimga, Mehring bilan boqib qo’ysang, kifoya. Shart emasdir osmon kabi va’dalar, Shart emasdir shirin so’zlar, vaysalar, Kerak emas kiprigingda nayzalar, Mehring bilan boqib qo’ysang, kifoya. Doston etma sevgi-muhabbatingni, So’zlamagin menga ishqiy dardingni, Sevaman deb jar solmagin dunyoga, Mehring bilan boqib qo’ysang, kifoya.
|