Sevgimiz o’ldimi? - libosingiz ko’k, Ko’nglingiz – begulxan, ko’zingiz – becho’g‘. Bizdan borish yo’qdir, sizdan – kelish yo’q – Kelishsiz dunyoda beg’am, azizim, Nega ko’zlaringiz benam, azizim. O’t yetdi – qaqshatdi band-bandlarimni, Tuproqqa sochdingiz balandlarimni, Aqlimni, dilimni – bebaxtlarimni – Borishsiz dunyoga otgan, azizim, Olisda oy kabi botgan, azizim. Chunki tunga aytar rost „oh“ingiz yo’q, Falakda kezgani sha’n rohingiz yo’q, Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo’q – Boqaman: nigohim – gumon, azizim, Yo’llaring tumandir, tuman, azizim. Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir, Qizil-sarig’ida – yurak uchadir, So’ngaklar uchadir, suyak uchadir – Bu to’fon – xazonlig‘ menman, azizim, Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim. Ammo siz sarg’aymang – gulli bog‘ bo’ling, Yam-yashil ko’karing, mudom sog‘ bo’ling, Bahornng bagrida beadog‘ bo’ling – Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim, Ikki kuz dunyoga sig’mas, azizim...
|