Ishqning osmonida oyga qo’shilib, Aylangan boshingga bulutlar qaytar. Mening quchog’imda kuyday eshilib, Asta shivirlaysan: - Joningiz qayda? O’g’irlaysan barcha kalitlarimni, Sandiqlar ochilar – senga sir aytar. Izlaysan Qo’ng’irot, Yovmudlarimni, Horib shivirlaysan: - Joningiz qayda? - Shumi? – Qilichimni ko’lga tashlaysan. - Balki bu? – qo’lingni cho’zasan yoyga. So’ngra yig’lab-yig’lab so’roq boshlaysan: - Bir marta ayting-chi, Joningiz qayda? O‘zingni qadringni suvga otasan, Mening izzatimni qotasan loyga. Bolang o’lgan kabi fig’on tortasan: - Hamon tirikmisiz – Joningiz qayda? Og’ular qo’shasan hamma oshimga, Har qanday qasoslar tuyilar mayda. Yalinib turasan yana qoshimda: - Nega o’lmayapsiz? Joningiz qayda? Jonim senda deyman – aylanmas tilim, Jonim sensan deyman – yuragim to’nar... Mening omonatim... Jonim! Sevgilim! Endi snei qanday asrasam bo’lar?...
|