Hamon yodimdadir, oq oqshom edi, Oydinda chinorlar so'ylardi sirin. Ikkimiz yonma-yon borardik so'zsiz, Sukunat qo'ynida bir sir yashirin. Ohista yuzlarga silab shamollar, Bo'sa ilinardi yanoqlarimga. Tunga yolvorardim, shoshma bir muddat, Tosh osib qo'y, deya oyoqlaringga. Oftobni uyqudan uyg'otma derdim, Qalbingni tinglashga ulguray deya. Yuragim qush misol qanot qoqardi, Ko'ksingda manguga in quray deya. Xayollarim har yon chalg'itib tashlab Sevaman deb aytding, yondim deb aytding. Sensiz yasholmayman, yuragim senda, Sensiz bu dunyodan tongum deb aytding. Ishondim. So'zlaring sehrlab qo'ydi, Vujudim titroqqa ketdi qorishib. Hamon o'sha tunni eslasam yonib, Kemtikkina ko'nglim ketar yorishib. Hamon yodimdadir o'sha oydin tun, Ishqing yo'qloviga chiqqandim peshvoz. Shu shirin xotira o'lmay yashaydi, Baxtli damlarimga bo'lib jo'r ovoz.
|
Категория: Mening olamim she'rlari | Добавил: Nilushka (01.11.2007)
| Автор: Nilushka
|
Просмотров: 828
| Рейтинг: 0.0
|